“Kitob jamiyat qalbi” loyihasi Assalomu alaykum qadrli kitobxonlar sizlarni “Kitob jamiyat qalbi ” loyihasi doirasida navbatdagi kitob bilan tanishtiramiz!
“Kitob jamiyat qalbi” loyihasi
Assalomu alaykum qadrli kitobxonlar sizlarni “Kitob jamiyat qalbi ” loyihasi doirasida navbatdagi kitob bilan tanishtiramiz!
✍️Chingiz Aytmatov
🖌“Sohil bo’ylab chopayotgan olapar” asaridan parcha Kirisk uygʻonganida, oʻtgan tunlardagiga koʻra uncha sovqotmay uxlaganini sezdi. Ustiga otasining kamzuli yopib qoʻyilgandi. Bola ko'zini ochib, boshini koʻtardi - qayiqda otasi yoʻq edi.U qayiqni koʻzdan kechirib, birdan seskanib tushdi-da, dahshat bilan o'kirib yig'lab yubordi, tumanli dengizning kimsasiz sahrosini alamli qayg'uga toʻldirdi. Uning umidsizlik va dard- alamga toʻla faryodi uzoq vaqtgacha tinmadi. U holdan toyguncha rosa yigʻladi, keyin xirillab, qayiq tubiga yiqildi va boshini qayiq devoriga ura boshladi. Bu faryod uning otalar oldidagi qarzi, uning mehr-muhabbati, uning qaygʻusi va marsiyasi edi. Bola qayiqning tubida boshini koʻtarmay, koʻzlarini ochmay yotardi. Endi uning uchun umidvor boʻladigan hech narsa qolmagan, oʻzini qoʻyarga ham joy topolmasdi. Atrofni avvalgidek gʻira-shira tuman qoplab olgan va faqat bu gal dengiz qayiqni turgan joyida u yoqdan-bu yoqqa tebratib turardi. Kirisk oʻzining uxlab qolganidan oʻkinib hoʻngrab yigʻlardi, uxlab qolmaganida otasiga tish-tirnog'i bilan yopishib olib, uni qoʻyib yubormagan boʻlardi, ular birga oʻlib ketganlari, tashnalik va ochlik azobidan tezroq birga oʻlib ketganlari yaxshi boʻlardi. Shunda u bu dahshatli cheksizlikda tanho oʻzi qolib ketmagan boʻlardi. U kechasi qoʻqqisdan qayiq qattiq silkinib ketganini sezmay qolgani uchun, uygʻonmagani, o'rnidan sakrab turib, qichqirmagani uchun o'kinib-oʻkinib yigʻlardi. Otasining dengizga oʻzini tashlashiga yoʻI qo'yarmidi? Undan ko'ra, otasi bilan birga mana shu zim-ziyo girdobga o'zini otsa bo’lmasmidi.